Menyu



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
«Sanoatgeokontexnazorat»
Davlat inspeksiyasi

VATANIMIZNING YUKSAK MUKOFOTLARI TOPSHIRILDI

Chop etildi:
07.12.2017



O‘rtoqlashish

Har yili Konstitutsiya kuni arafasida Vatan taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilib, turli unvonlar, orden va medallarga sazovor bo‘lgan hamyurtlarimizga mukofotlarni tantanali ravishda topshirish yaxshi an’anaga aylangan.

7 dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni yuksak unvonlar, orden va medallarga sazovor bo‘lgani munosabati bilan samimiy qutladi. Ular orqali barcha vatandoshlarimizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 25 yilligi bilan muborakbod etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoev bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar Konstitutsiyamiz va Harakatlar strategiyasiga asoslanishini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari yakuniga yetib borayotgan yilda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalar ekan, xalq bilan muloqotda bo‘lib, odamlarning og‘irini yengil qilishga asosiy e’tibor qaratilganini qayd etdi.

Darhaqiqat, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da oddiy odamlar bilan muloqotning mutlaqo yangi va samarali tizimi yaratildi. Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1,5 milliondan ziyod murojaat kelib tushdi va ularning 1 milliondan ortig‘i ijobiy hal etildi.

Bugungi kunda dunyodagi nufuzli ekspert va mutaxassislar ham xalq bilan muloqotning bunday usuli jiddiy samara berayotganini e’tirof etmoqda.

- Xalqimiz Yaratgandan avvalo tinchlik-xotirjamlikni so‘raydi. Shundan so‘ng, o‘z uyim, boshpanam bo‘lsa, oilam, bola-chaqam bilan sog‘-salomat yashasam, deydi. Biz xalqimizning ana shunday orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun ikkita masalaga, ya’ni ichki ishlar va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishga katta e’tibor qaratayapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Bu borada, albatta, ulkan ishlar amalga oshirildi. Uchastka profilaktika inspektorlariga xizmat mashinalari va uy-joylar ajratilmoqda. Haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” sifatida belgilandi. “Xavfsiz shahar” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa yoshlarimiz uchun ularning sog‘lom tug‘ilishidan to mustaqil hayotga qadam qo‘ygunicha barcha zarur sharoitlar yaratib berilayotgani e’tiborlidir. Davlatimiz rahbari BMT Bosh assambleyasining sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risida xalqaro konvensiya ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgani bu boradagi yanada bir muhim qadam bo‘ldi.

Joriy yilda boshqa muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlar qatorida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuzilib, barcha davlat organlari va mahallalarda yoshlar masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimlari tashkil etildi.

Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizning eng olijanob qadriyati hisoblanadi. Shu ma’noda, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini jonlantirish, xotin-qizlarning oila va jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini oshirish, ularning mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish, hayotiy manfaatlarini ta’minlash masalalari davlatimizning doimiy e’tiborida turibdi.

Shu bilan birga sog‘liqni saqlash sohasida ulkan yangilanishlar ro‘y berdi. Dori-darmon ta’minoti, tez tibbiy yordam, qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan yaxshilash, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq muhim vazifalar amalga oshirildi. Qishloq vrachlik punktlari negizida 800 ga yaqin oilaviy poliklinika, 400 dan ortiq tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Qishloqda ishlaydigan 700 ga yaqin shifokor xizmat uylari bilan ta’minlandi.

Xorijdagi nufuzli klinikalarda ishlayotgan 60 ga yaqin o‘zbekistonlik malakali shifokor yurtimizga olib kelinib, qulay sharoit bilan ta’minlandi. Ular aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida xizmat qilmoqda. Shuningdek, xorijdagi yirik tibbiyot maskanlarining shifokorlari O‘zbekistonga kelib, murakkab operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Hududlarda poytaxtdagi ixtisoslashgan tibbiy markazlarning filiallari tashkil etildi. Patronaj va skrining masalasiga eng asosiy vazifa sifatida qaralmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda yo‘l-transport infratuzilmasi, kommunal xizmat darajasini yaxshilashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Qishloq joylarga toza ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha katta-katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Hududlarda yangi madaniyat va istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, kinoteatrlar, ko‘rgazma zallari, kutubxonalar bunyod etilmoqda.

Shahar va qishloqlarda yangi loyihalar asosida zamonaviy, arzon uy-joylar qurilayotgani tahsinga loyiqdir. Joriy yilda shaharlarda 191 ta ko‘p qavatli, qishloq joylarda yangilangan namunadagi 24 mingta uy-joy barpo etildi. Natijada 33 mingdan ziyod oila, jumladan, 7 ming yosh oila yangi uy-joyga ega bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish mavzuiga to‘xtalib, o‘nlab yangi sanoat korxonalari bunyod etilayotgani, valyuta bozori liberallashtirilib, so‘mning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladi.

Ta’kidlash joizki, tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish, bu sohani jadal rivojlantirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar tufayli yurtimizda yangi-yangi sanoat korxonalari, xizmat va servis shoxobchalari tashkil etilmoqda, eng muhimi, minglab odamlar ish bilan ta’minlanmoqda.

Bu yilgi mavsumda murakkab iqlim sharoiti, ob-havo injiqliklariga qaramasdan, mirishkor dehqon va fermerlarimiz ulkan g‘alla va paxta xirmonlarini ko‘tarib, barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Shavkat Mirziyoev shuni ta’kidlar ekan, bu yil yurtimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida qonun qabul qilingani, shu kunlarda barcha viloyat va tumanlarda ana shu sana hosil bayrami sifatida keng nishonlanayotganini qayd etdi.

Ilm-fan, adabiyot, san’at va madaniyat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ham qator qarorlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbari ushbu sohalar vakillari bilan bir necha bor uchrashib, ular oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qildi. Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga zarur mablag‘ va resurslar ajratildi. Yangi ilmiy markazlar, texnoparklar tashkil etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgani bu borada muhim yangilik bo‘ldi.

- Ilm-fan – taraqqiyot asosi, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Zamonaviy ilm-fan yutuqlariga, innovatsion g‘oyalarga tayanmagan davlatning ham, jamiyatning ham kelajagi yo‘q. Faqat ilm va ma’rifat, intellektual salohiyat, har tomonlama bilimli kadrlar hisobidan biz O‘zbekistonni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa olamiz.

Keyingi bir yilda yuz bergan va yaqqol ko‘zga tashlanadigan yana bir voqea – uzoq va yaqin davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Chegara masalalarida tarixiy kelishuvlarga erishildi. Yurtimizdagi millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmat muhiti mustahkamlandi.

Davlatimiz rahbari 2017 yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilib, xalq bilan bamaslahat ish olib borgan odam ham, davlat ham hech qachon kam bo‘lmasligiga, har qanday qiyinchiliklarni yengib, o‘zining ezgu maqsad-muddaolariga albatta erishishiga barchamiz kundalik hayotimizda ishonch hosil qilayotganimizni alohida ta’kidladi.

Shunday ekan, bu yo‘lda boshlangan xayrli ishlar kelgusida ham albatta davom etaveradi.

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz,
ularni belgilab,
ma’muriyatni xabardor qilish uchun
Ctrl + Enter tugmalarini bosing.