Menyu



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
«Sanoatgeokontexnazorat»
Davlat inspeksiyasi

Korrupsiyaga qarshi kurash: yutuqlar va ustuvor vazifalar

Chop etildi:
18.12.2017



O‘rtoqlashish

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar, bu borada yechimini kutayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev, YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal, qator vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Shu bois butun dunyoda unga qarshi kurashiladi. Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur qonunda fuqarolar huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari, davlat hamda fuqarolik jamiyati hamkorligi, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi, javobgarlikning muqarrarligi kabi prinsiplarga alohida e’tibor qaratilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqildi. Unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi.

O‘tgan qisqa fursat ichida mazkur komissiya tomonidan qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalarida, mahallalarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurash aks etgan videoroliklar havola etilmoqda, tarqatma materiallar aholining keng qatlamiga yetkazib berilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi doirasida 5 mingdan ortiq davra suhbati o‘tkazildi. YeXHT, BMT kabi xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xalqaro press-klub sessiyasida jurnalistlar tibbiyot, ta’lim sohasi, kommunal to‘lovlar tizimida noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdi.

Korrupsiyaning oldini olish maqsadida ta’lim tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yaxshi samara bermoqda. 2017/2018 o‘quv yilida ilk bor oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari onlayn rejimda o‘tkazildi. Bu jarayon kelgusida yanada takomillashmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkaziladi. Natijalar test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Bu tizimda noqonuniy harakatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Tibbiyot muassasalarida, xususan, tug‘ruqxonalarda ta’magirlikning oldini olish maqsadida "ishonch telefonlari" xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun to‘lovlarning eng qulay, ishonchli tizimi yaratildi.

Tadbir doirasida maktab, akademik litsey va kollej o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston yoshlari korrupsiyaga qarshi” shiori ostida o‘tkazilgan rasmlar va insholar ko‘rik-tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz,
ularni belgilab,
ma’muriyatni xabardor qilish uchun
Ctrl + Enter tugmalarini bosing.