instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi faoliyati tubdan takomillashtiriladi

Prezidentning 1.03.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3578-son qarori e’lon qilindi, deb yozmoqda Norma.

Tarmoq boshqaruvini qayta tarkiblash

«Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasining yer qa’ridan foydalanishni nazorat qilish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha funksiyalari Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasiga (Geologiya davlat qo‘mitasi) o‘tkazildi. Qo‘mita tuzilmasida shtat birligi 56 xodimdan iborat Tog‘-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi (Inspeksiya) tashkil etildi. Inspeksiya:

  • yer osti boyliklarini geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish (chuchuk, mineral, termal va sanoat yer osti suvlari ham kiradi), mineral xom ashyoni qayta ishlash, shuningdek tog‘ ishlarini geolog-marksheyderlik ta’minotida yer qa’ridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari va me’yoriy hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
  • foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlashda yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan Davlat geologiya qo‘mitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari davlat komissiyasi qabul qilgan qarorlar va xulosalarga amal qilinishini nazorat qiladi;
  • qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralarini qo‘llagan holda, mineral xom ashyolarni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normadan ortiqcha yo‘qotilishi hollarini aniqlaydi.

Ruxsat berish taomillari takomillashtiriladi

1.04.2018 yildan boshlab yer osti suvlaridan maxsus foydalanish va yer osti suvini maxsus iste’mol qilish uchun ruxsatnoma Geologiya davlat qo‘mitasining hududiy gidrogeologik stansiyalari tomonidan «yagona darcha» tamoyili asosida beriladi.

1.08.2018 yildan yer qa’ridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan beriladi (foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish uchun yer osti uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziyalardan tashqari, ular Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladi). Bunda keng tarqalgan foydali qazilmalar borasida litsenziyalash «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ta’kidlab o‘tamiz, ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tarkibida noruda foydali qazilmalari bo‘lgan yer osti uchastkalaridan foydalanish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tugatildi.

Mazkur sanadan boshlab yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan belgilangan tartibda taqdim etiladigan tog‘ ishlarini rivojlantirish rejalarini kelishish, shuningdek keyinchalik Davlat geologiya qo‘mitasining Davlat geologiya jamg‘armasiga yuboriladigan foydali qazilmalarni qazib olish hajmlari to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni qabul qilish quyidagi konlar bo‘yicha amalga oshiriladi:

  • noruda foydali qazilmalari konlari bo‘yicha – Inspeksiyaning hududiy bo‘linmalari tomonidan;
  • rudali foydali qazilmalar va uglevodorod konlari bo‘yicha – Inspeksiya tomonidan.

1.04.2018 yildan boshlab Mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta ishlash yillik Davlat dasturlari doirasida Davlat geologiya qo‘mitasi va uning idoraviy tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan geologiya ishlari (xizmatlari) QQS bo‘yicha soliq solinadigan ob’ekt hisoblanmaydi.

Qarorda qator tashkiliy masalalar ham o‘z yechimini topdi.

Hujjat 1.03.2018 yildan kuchga kirdi.