Menyu



O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
«Sanoatgeokontexnazorat»
Davlat inspeksiyasi

Navro‘z ayyomi muborak bo‘lsin

Chop etildi:
18.03.2017
Manba:
sgktn.uz



O‘rtoqlashish

Avvalo, barchangizni  uyg‘onish va yasharish, mehr-oqibat va qadir-qimmat, yangilanish ramzi bo‘lgan Navro‘zi olam bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.

Ona yurtimizga fasllar kelinchagi bahor tashrif buyurdi. Butun tabiat go‘zallikka burkanmoqda. Atrof-muhitning betakror tarovatidan ko‘zingiz quvnaydi. Nafosat fasli odamlar qalbida ham sof va huzurbaxsh tuyg‘ularni uyg‘otib, yashash va yaratishga ruhlantirmoqda.

Xalqimizda «Tinch yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi» degan teran mazmun-mohiyatga ega hikmatli ibora bor. Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, muhtaram Yurtboshimizning dono siyosati tufayli xalqimiz tinch, osoyishta, farovon hayot kechirmoqda.

Orzu niyatlariga yetishish uchun yurt istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Farzand va nevaralarini tarbiyalab kamolini ko‘rmoqda. Inson uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak! Maftunkor bahor fasli ajoyib bayramlari bilan ham ajralib turadi.

Ayniqsa, sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy udumimiz–Navro‘zi olam o‘ziga xos beqiyos jihatlariga ega. Navro‘z tinchlik, totuvlik, bag‘rikenglik, qut-baraka timsoli, mehr-muhabbat ayyomidir. Asl milliy bayramimizda xalqimizning qadimiy urf odatlari, an’analari, umrboqiy qadriyatlari o‘z ifodasini topgan.

Umumxalq bayrami tarixining uch ming yilliklar bilan bog‘lanishi Sharq xalqlari dunyo tamaddunida katta o‘rin va mavqega ega ekanligidan nishona sifatida har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Aziz vatandoshlar! Sizlarni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan chin qalbdan qutlayman. Barchalaringizga sihat-salomatlik, xotirjamlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, farovonlik tilayman. Bahor bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli do‘stlar!

Davlat Inspeksiyasi boshlig‘i Gulyamov Baxtiyor Vaxabovich

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz,
ularni belgilab,
ma’muriyatni xabardor qilish uchun
Ctrl + Enter tugmalarini bosing.