instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi tahlil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, 2017-yil 19-aprel kuni shu masalada videoselektor o‘tkazilgan, mahalliylashtirishni kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq o‘tgan yili muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. 512 million dollarlik yoki 2016-yilga nisbatan 20 foiz ko‘p mahalliylashtirilgan mahsulot eksport qilingan. 100 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani, bazaviy tarmoqlarda import 353 million dollarga qisqartirilgani ham bu boradagi ishlarning natijalari bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi. 2017-yilda 948 ta mahalliylashtirish loyihasidan 176 tasi bo‘yicha ishlab chiqarish boshlanmagani, 218 tasi bo‘yicha esa ishlab chiqarish prognozi bajarilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 77 ta loyihasi bo‘yicha 206 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. “O‘zbekoziqovqatxolding”da 12 ta, “O‘zavtosanoat”da 17 ta, Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 65 ta loyiha yetarli darajada bajarilmagan.

Importni qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani tanqidiy tahlil qilindi.

Yig‘ilishda bir qator xo‘jalik birlashmalari tomonidan o‘z faoliyatiga mos bo‘lmagan yoki mamlakatimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan tovarlarni import qilish holatlari kamayish o‘rniga ko‘payayotgani qayd etildi. 2017-yilda 185 million dollarlik, joriy yil yanvar oyida esa 65 million dollarlik shunday mahsulotlar import qilingan.

Masalan, o‘tgan yili “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 9 million dollarlik svetodiod chiroqlar, projektorlar va boshqa tovarlar, “O‘zbekneftegaz” tizimiga 2 million dollarlik po‘lat quvur, kabel, isitish qozoni, elektrodlar, “O‘zbekenergo” tomonidan 800 ming dollarga po‘lat sim va yengil avtomobil olib kelingan.

Yig‘ilishda shu va boshqa sanoat tarmoqlarida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tarmoqlar uchun zarur uskunalar va tez ishdan chiquvchi butlovchi qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish to‘g‘risida 10-15 yildan buyon gapiramiz. Lekin, tashabbus va amaliy harakat yo‘q. Bir qator soha rahbarlari mahalliylashtirishni o‘ylamayapti, zarur mahsulotni osongina chetdan olib kelib qo‘yayapti. Bunga hozirgi raqobat sharoitida mashaqqat bilan topilayotgan, iqtisodiyotning asosi bo‘lgan valyuta mablag‘lari sarf bo‘lib ketmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Mahalliylashtirishni rag‘batlantirish uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining natijadorligi ham tahlil qilindi.

Ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari asossiz tayinlangani natijasida yurtimizda ishlab chiqarilgan ba’zi tovarlar narxi import qilinganiga nisbatan yuqori bo‘lmoqda. Masalan, to‘qimachilik sanoati uchun import qilinadigan tayyor uskunalar barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Ammo, shu uskunani ishlab chiqarish uchun butlovchi qism import qilinadigan bo‘lsa, 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanadi.

Soliq imtiyozlarida ham shu kabi bo‘shliqlar bor. Shu bois 2018-yil 1-apreldan boshlab, mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha imtiyozlar to‘xtatiladi. Har xil nopok korxonalarning Mahalliylashtirish dasturiga kirib olib, soliq to‘lashdan qochishi uchun endi imkoniyat bo‘lmaydi. Mahalliylashtirish dasturiga iqtisodiyot uchun haqiqatda zarur bo‘lgan loyihalar kiritilib, qat’iy nazoratga olinadi.

Yig‘ilishda Prezident sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mahalliylashtirishni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirliklariga pishiq-puxta ishlangan, yangi Mahalliylashtirish dasturini shakllanitirish bo‘yicha topshiriq berildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan, raqobatbardosh narxda mahalliylashtirish imkoni bo‘lmagan ayrim butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlarini bekor qilish yuzasidan aniq takliflar kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Yirik korxonalar va kichik biznes uchun uskunalar, tez ishdan chiquvchi qismlar, shtamplangan mahsulotlar, kichik gidrogeneratorlar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va xo‘jalik birlashmalari rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda Import hajmi va tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish asosida yangi mahalliylashtirish quvvatlari tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzish vazifasi qo‘yildi.

Mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Asosiy maqsadimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlash, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun, avvalo, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lishi, mahsulotlar yurtimizda ishlab chiqarilishi zarur. Barcha rahbarlar shundan qat’iy xulosa qilib, zimmasidagi vazifalarga munosabatini tubdan o‘zgartirishi va mas’uliyatni oshirishi kerak.