instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

Navoiyda avtobus gaz ballonlariga me’yoridan ortiq gaz quyib olish holatlari aniqlandi

24 sentyabr kuni Navoiy shahridagi “Avtogaz” MChJ laboratoriyasida gazga moslashtirilgan avtotransportlar va gaz ballonlarining navbatdan tashqari texnik ko‘rigi o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonida avtotransport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalarga qarashli avtobuslarning birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari yaroqsizligi, dori-darmonlar talab darajasida jamlanmaganligi, gaz ballonlariga me’yoridan ortiq gaz quyib olish holatlari aniqlandi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qildi.

Ko‘rik viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sanoatgeokontexnazorat davlat inspeksiyasi hududiy bo‘limi, "O‘zavtotrans" agentligi hamda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Shu kunga qadar mazkur turdagi tadbirlar viloyatning Xatirchi, Qiziltepa, Navbahor tumanlarida bo‘lib o‘tgan, saksonga yaqin avtotransport ko‘rikdan o‘tkazilgan.

«Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi inspektori Shokir Hasanovning aytishicha, hozir avtobuslarga yo‘riqnomaga zid ravishda 180 atmosfera bosimidan ortiq yonilg‘i quyish holatlari kuzatilmoqda. Bir yurishda 500 kilometr masofani bosib o‘tadigan transport uchun bu nihoyatda xavfli bo‘lib, me’yoridan ortiq yig‘ilgan gaz chaqnashi va o‘z-o‘zidan portlash yuz berishi mumkin.

“Biz ko‘riklar jarayonida asosan katta hajmdagi avtobuslarda gaz ballonlarini ruxsat etilmagan joylarga, ya’ni avtobus saloni ostidagi yukxonalarga o‘rnatish holatlarini uchratdik, – dedi viloyat FVB bo‘linma boshlig‘i, podpolkovnik Baxtiyor Baratov. – Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 15 noyabrda chop etilgan sohaga oid yo‘riqnomasida gaz ballonlari avtobuslarning yuqori qismiga o‘rnatilishi haqida ko‘rsatib o‘tilgan”.

Tadbir jarayonida turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida gaz quyish shoxobchalari xodimlari va haydovchilarning maxsus o‘quv kurslarida qayta tayyorgarlikdan o‘tishi bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.