instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

«O‘zatom» agentligi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoev «O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirildi.

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi — «O‘zatom» tashkil etiladi.

«O‘zatom» agentligi:

Atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi tarkibiga kiradi;

O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi.

Quyidagilar «O‘zatom» agentligining atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, shu jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish;

Sanoat va ekologiya xavfsizligining xalqaro talablariga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda, atom energetikasi ob’ektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha bitimlar va shartnomalar tuzish;

Atom fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni, fundamental tadqiqotlar, ilmiy-qidiruv, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish;

Tadqiqot va energetika atom reaktorlari, yadro-fizika qurilmalari, yadro materiallari va radiatsiya manbalarini saqlash, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punktlarining rivojlanishini va ularning xavfsiz ishlashini ta’minlash;

Respublikadagi ob’ektlarning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi tizimini boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda yadro avariyalari va radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining oldini olish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda takomillashtirish;

Yadro materiallari va texnologiyalari, radioaktiv materiallar tarqalmasligini ta’minlash, jismoniy himoya qilish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish;

Kadrlarni, shu jumladan, yetakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik va o‘zaro aloqalarni amalga oshirish;

Atom energetikasi sohasiga xorijiy investitsiyalarni va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar ishtirokida xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

«O‘zatom» agentligi huzurida Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, atom energetikasini rivojlantirish sohasidagi xalqaro ekspertlar tarkibiga kiritilgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etiladi.

Atom energetikasini rivojlantirishning strategik masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish «O‘zatom» agentligining Ilmiy-texnik va ekspert kengashi xulosalari asosida amalga oshiriladi.