instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

O‘zbekiston hukumati tuzilmasida yangi qo‘mita tashkil etilmoqda

Prezidentning «Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Davlat sanoat xavfsizligi qo‘mitasi etib qayta tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

Norma’ning yozishicha, quyidagilarni Davlat qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilash ko‘zlanmoqda:

  • sanoat, radiatsion va yadroviy xavfsizlik sohasidagi qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlar talablariga rioya etilishi, shuningdek istirohat bog‘laridagi attraksionlardan foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridagi sanoat xavfsizligi sohasini, atom energetikasi, yadroviy texnologiyalar va xom ashyo ob’ektlaridagi radiatsion va yadroviy xavfsizlik sohasini, shuningdek istirohat bog‘laridagi attraksionlardan foydalanishni davlat tomonidan tartibga solish;
  • radiatsion va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida davlat nazorati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • sanoat, radiatsion va yadroviy xavfsizlik sohalarini tizimli monitoring qilish va ahvolini tahlil qilish, mavjud muammo va kamchiliklarni fosh etish, shuningdek kelgusida ularni bartaraf etish uchun aniq takliflarni ishlab chiqish;
  • sanoat, radiatsion va yadroviy xavfsizlik sohasida normativ-huquqiy va normativ texnik hujjatlarni ishlab chiqish va belgilangan tartibda qabul qilish;
  • sanoat xavfsizligini ekspertiza qilish tizimi rivojlanishini ta’minlash, shuningdek atom energiyasidan foydalanish sohasida ob’ektlar xavfsizligi ekspertizadan o‘tkazilishini tashkil etish;
  • atom energetikasi va yadroviy texnologiyalar sohalarida litsenziyalash tizimini yaratish;
  • xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida avariyalar va baxtsiz hodisalarni bartaraf etish va oldini olishga yo‘naltirilgan profilaktik chora-tadbirlarni, shuningdek iqtisodiyotning tegishli sohalarida ishlar xavfsiz yuritilishini ta’minlash tizimini amalga oshirish;
  • respublikaning harbiylashtirilgan tog‘-kon qutqaruv qismiga tezkor va metodik rahbarlik qilish;
  • uning faoliyat sohasiga tegishli xalqaro shartnomalar bo‘yicha xorijiy mamlakatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek O‘zbekistonning majburiyatlarini bajarish; 
  • sanoat, radiatsion va yadroviy xavfsizlik tizimlarini monitoring qilish usullariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;
  • sanoat, radiatsion va yadroviy xavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash.

Farmon loyihasida qayta tashkil etilgan Davlat sanoat xavfsizligi qo‘mitasi tarkibida quyidagilarni tashkil etish taklif qilinmoqda:

  • xodimlarining umumiy soni 85 shtat birligini tashkil etadigan Radiatsion va yadroviy xavfsizlik departamenti;
  • xodimlarining umumiy soni 17 shtat birligini tashkil etadigan Istirohat bog‘laridagi attraksionlarni nazorat qilish inspeksiyasi.

Davlat sanoat xavfsizligi qo‘mitasining vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar mahalliy davlat, xo‘jalik boshqaruvi, davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy ekanligi ko‘rsatilgan. Davlat qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosarlari esa Bosh vazirning taqdimnomasiga ko‘ra Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Shuningdek Davlat qo‘mitasi tuzilmasida sanoat xavfsizligi va tog‘-kon nazorati sohasida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi ob’ektlarida nazoratni amalga oshiruvchi Qizilqum ixtisoslashtirilgan inspeksiyasini saqlab qolish taklif etilmoqda.

Farmon loyihasiga ko‘ra ko‘p xonadonli uy-joylarning gaz ta’minoti tizimida xavfsizlik ta’minlanishi ustidan nazorat qilish funksiyalarini Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga topshirish rejalashtirilmoqda. 

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.