instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

Qanday neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyat litsenziyalanishi kerak?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Neft-gaz tarmog‘ida litsenziyalash tartibotlarini qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznesni yuritishni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan neft mahsulotlarini sotish faoliyatini litsenziyalash (neft mahsulotlarini avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va moy almashtirish punktlari orqali sotishdan tashqari) to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomga ko‘ra, avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, mazut, pech yoqilg‘isi, neft bitumi, shuningdek, texnik moylar va moylash materiallarini sotish bo‘yicha faoliyat litsenziyalanishi kerak, ularning zavodda idishga qadoqlanganlari bundan mustasno.

Neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyat faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.

Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga berilishi mumkin.

Litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar “O‘zdavneftgazinspeksiya”ning Neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash (neft mahsulotlarini avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va moy almashtirish punktlari orqali sotishdan tashqari) komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

Hujjatlarni qabul qilish, ular bo‘yicha ekspert xulosalari tayyorlash, litsenziyalarni berish, litsenziat bilan litsenziya bitimi tuzish va uning bajarilishini nazorat qilishni «O‘zdavneftgazinspeksiya» amalga oshiradi.

Neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga litsenziya amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi.

Quyidagilar neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:

  • litsenziat tomonidan neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, hisobga olish va sotish sohasidagi qonun hujjatlariga, ekologiya, sanitariya, metrologiya, yong‘inga qarshi va texnik normalar, normativlar va qoidalarga rioya etish;
  • shtatda litsenziyada ko‘rsatilgan faoliyat turi bo‘yicha tegishli ma’lumotga va kamida uch yil ish stajiga eta bo‘lgan kamida bir nafar xodimning, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlarda maxsus tayyorgarlikning mavjud bo‘lishi;
  • sotiladigan neft mahsulotlariga sifat sertifikatining mavjudligi va ularning sifat sertifikatiga haqiqatda muvofiqligi;
  • faoliyatning litsenziyalanayotgan aniq turini amalga oshirish, shu jumladan, mavjud moddiy-texnika bazadan, neft omboridan va yonilg‘i quyish asbob- uskunalaridan, boshqa texnika vositalaridan foydalanish uchun sharoitlarning yaratilganligi;
  • litsenziat tomonidan davlat siri hisoblanadigan ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq ishlar bajarilgan taqdirda rejim organining mavjudligi.
  • litsenziyalanayotgan faoliyat turini amalga oshirish uchun foydalaniladigan binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologiya asbob- uskunalarining mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq bilan litsenziya talabgorida mavjudligi;

Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, faoliyatning (yoxud uning bir qismining) litsenziyalanadigan turi ko‘rsatilgan holda litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza;
  • litsenziya berish to‘g‘risidagi arizaning litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun foydalaniladigan muhandislik kommuniksiyalari va texnologik asbob-uskunalarga mulk huquqining yoki boshqa ashyoviy huquqning mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
  • «O‘zdavneftgazinspeksiya» hududiy bo‘limining neft mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, hisobga olish va sotish uchun neft ombori xo‘jaligining asbob-uskunalar bilan ta’minlanganligi holati, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning maxsus ma’lumotga egaligi to‘g‘risidagi xulosasi;
  • «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi tarmoq inspeksiyasining neft ombori xo‘jaligining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriligi yong‘in xavfsizligi hududiy boshqarmalarining yong‘inga qarshi talablarga muvofiqlik to‘g‘risidagi xulosasi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining neft ombori xo‘jaligining tabiatni muhofaza qilish va ekologiya talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi.