instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

Magistral gaz va neft quvurlarini qurish uchun litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Neft-gaz tarmog‘ida litsenziyalash tartibotlarini qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznesni yuritishni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat bilan magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomga ko‘ra, magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.

Magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.

Litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar “O‘zdavneftgazinspeksiya”ning Neft, gaz hamda gaz kondensatini qazib chiqarish, qayta ishlash va sotish, magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

Hujjatlarni qabul qilish, ular bo‘yicha ekspert xulosalari tayyorlash, litsenziyalarni berish, litsenziya bitimi tuzish va uning bajarilishini nazorat qilishni «O‘zdavneftgazinspeksiya» amalga oshiradi.

Litsenziya berish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqishda litsenziyalovchi organ tegishli xulosalarni tayyorlash uchun mutaxassislar-ekspertlarni jalb etish huquqiga ega.

Magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash faoliyatini amalga oshirishga litsenziya amal qilish muddati cheklanmasdan beriladi.

Litsenziya talabgorining arizasiga ko‘ra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga berilishi mumkin.

Quyidagilar magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash faoliyatini amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:

  • a) litsenziat tomonidan magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ularni ishlatish va ularni ta’mirlash sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, shuningdek, amaldagi ekologiya, sanitariya, metrologiya, yong‘inga qarshi va texnik normalar, normativlar va qoidalarga rioya etish;
  • b) yuridik shaxs shtatida litsenziyada ko‘rsatilgan faoliyat turi bo‘yicha tegishli ma’lumotga va kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan rahbarlar va muhandis-texnik xodimlarning, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlarda maxsus tayyorgarlikning mavjud bo‘lishi;
  • v) faoliyatning litsenziyalanayotgan aniq turini amalga oshirish, shu jumladan, tegishli moddiy-texnika bazadan (binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari, texnologiya asbob-uskunalari, transport, nazorat va o‘lchov vositalari, tashkiliy texnika, kompyuterlar, normativ-texnik hujjatlardan) va boshqa texnika vositalaridan foydalanish uchun sharoitlarning yaratilganligi;
  • g) litsenziat tomonidan davlat siri hisoblanadigan ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq ishlar bajarilgan taqdirda rejim organining mavjudligi.
  • d) litsenziya egasida egalik qilish huquqini beruvchi yoki boshqa huquq asosida litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun foydalaniladigan binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik jihozlar mavjudligi.

Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqamining tartib raqami, litsenziya berish to‘g‘risida faoliyatning (yoxud uning bir qismining) litsenziyalanadigan turi ko‘rsatilgan litsenziya berish to‘g‘risida ariza;
  • b) litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • v) litsenziyalanadigan ishlar turlarini bajaradigan mutaxassislar to‘g‘risida ma’lumotlar (soni, ma’lumoti, mutaxassisligi bo‘yicha ish staji);
  • g) texnik jihatdan jihozlanganligi va litsenziyalanadigan ishlarni bajarish bo‘yicha normativ-texnik hujjatlarning mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar;
  • d) faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishda foydalaniladigan binolar, inshootlar, muhandislik kommunikatsiyalari va texnologiya asbob-uskunalariga mulk huquqining yoki boshqa ashyoviy huquqning mavjudligini tasdiqlovchi hujjat;
  • ye) O‘zbekiston Respublikasi «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasining tarmoq inspeksiyasi litsenziya talabgori moddiy-texnika bazasining mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligiga oid qonun hujjatlariga muvofiqligi, shuningdek, xodimlarning bilimlari tekshirilganligi to‘g‘risidagi xulosasi (magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish faoliyati bundan mustasno);
  • j) “O‘zdavneftgazinspeksiya” hududiy bo‘limlarining texnologiya jarayonlarining va texnologiya asbob-uskunalari holatining amaldagi normalar va qoidalarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi (magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish faoliyati bundan mustasno);
  • z) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy boshqarmalarining moddiy-texnik bazasi va ishlarni amalga oshirish texnologiyasining tabiatni muhofaza qilish va ekologiya talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi (magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish faoliyati bundan mustasno);
  • i) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yong‘in xavfsizligi hududiy boshqarmalarining moddiy-texnik bazaning yong‘in xavfsizligi normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi va xodimlarning ular bo‘yicha tayyorgarlik darajasi to‘g‘risidagi xulosasi;
  • k) O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining moddiy-texnik bazaning, ishlarni amalga oshirish texnologiyasining loyihalashtirish va qurilish bo‘yicha qonun hujjatlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi (magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlaridan foydalanish va ularni ta’mirlash faoliyati bundan mustasno);
  • l) litsenziyalanadigan ishlarning nazoratini va qabul qilinishini tashkil etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar.