instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

«Expo-Russia Uzbekistan 2018» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ochildi

Forum ochilishida mamlakatimiz sanoat salohiyatini yuksaltirish, korxonalarni texnik va texnologik yangilash orqali yuqori sifatli tovar va xizmatlar ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi.

Kichik biznes subyektlarining dunyo bozoriga chiqishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, sanoatni modernizatsiya qilish hamda mahalliy tadbirkorlar va chet ellik sarmoyadorlarning o‘zaro hamkorligini tobora mustahkamlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirishga imkon tug‘dirayotgani qayd etildi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni diversifikatsiya qilish, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgani bilan ahamiyatli.

Neft-gaz, tog‘-kon, metallurgiya, energetika sanoati iqtisodiyotimizning muhim strategik tarmoqlaridan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida imzolangan hujjatlar va kelishuvlar bu kabi qator strategik sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur sohalarga ixtisoslashgan ko‘rgazma pavilyonlarida neft-gaz sohasida razvedka, qayta ishlash, tashish va saqlash, infratuzilma obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash, tog‘-kon sanoati uchun zamonaviy texnologiyalar, metallurgiya, mashinasozlik, energetika, qurilish tarmoqlariga mo‘ljallangan uskunalar namoyish etilmoqda. Ushbu pavilyon iqtisodiyotning real sektori vakillarining o‘zaro muloqoti uchun platforma vazifasini o‘tamoqda.

– Bugun O‘zbekistonda qurilish sohasida davlat boshqaruvini tashkil etishda zamonaviy shaharsozlik uslublari, me’yorlari va qoidalarini joriy qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda, – deydi Rossiyaning “Kran texnologiyalari” kompaniyasi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Mixaylov. – Faoliyatimiz qurilishda keng qo‘llaniladigan ko‘tarma kranlarni ishlab chiqarishdan iborat. Mazkur kranlar 60 tonnagacha bo‘lgan yuklarni 70 metr balandlikkacha ko‘tara oladi. Mamlakatingizda sanoat kooperatsiyasi asosida qurilish materiallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Korxonamiz ham ushbu jarayonda faol ishtirok etishni maqsad qilgan. O‘tgan yillar davomida turli xildagi 20 ta kranni o‘zbekistonlik pudratchilarga yetkazib berish bo‘yicha majburiyatimizni muvaffaqiyatli bajardik. Kelgusida bunday kranlarni shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. Ko‘rgazma ushbu maqsadlar yo‘lidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab olishda amaliy qadam bo‘lishiga ishonamiz.

Mamlakatimizda yangi transport-logistika yo‘nalishlarini ochish, ushbu maqsadda avtomobil va temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish, sohada raqamli texnologiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. Rossiyalik ishbilarmonlar tomonidan taqdim etilayotgan logistika tarmoqlari, yuk tashish, raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish va sanoatga joriy etish xizmatlari ham O‘zbekistonning xalqaro transport-kommunikatsiya tizimlariga integratsiyalashuvini ta’minlash hamda an’anaviy texnologiyalar imkoniyatlarini oshirish uchun sharoit yaratadi.

– Hozirgi kunda jahon miqyosida ishlab chiqarish sifati va unumdorligiga talab ortib bormoqda, – deydi ITPS kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Leonid Tixomirov. – Ushbu jarayonda korxonalarning ishlab chiqarish, moliyaviy jarayonlarni boshqarish va takomillashtirishda innovatsion tizimlarni joriy etishi muhim ahamiyatga ega. Zero, raqamli texnologiyalar mehnat va resurs sarfini 20 foizdan 50 foizgacha tejash imkonini beradi. Korxonamiz O‘zbekiston bozorida 10 yildan buyon faoliyat olib bormoqda, sanoatning turli sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etib kelmoqdamiz. Ko‘rgazmada iqtisodiyotning real sektorida foydalanish mumkin bo‘lgan innovatsion ishlanmalar va xizmatlar bilan qatnashyapmiz. Bu kabi forumlar yangi texnologiyalar bilan tanishish va ishbilarmonlarning o‘zaro muloqotini yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratadi.

Ko‘rgazmaning yana bir ishtirokchisi – bu “IYRA” yosh robototexniklar xalqaro assotsiatsiyasidir. Bolalar o‘rtasida robototexnika yo‘nalishida ta’limni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi ushbu tashkilot O‘zbekistonda maktabgacha va umumta’lim yoshidagi bolalarning robototexnika sohasidagi qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni taqdim etmoqda.

Ko‘rgazmalar doirasida taqdimot marosimlari, davra suhbatlari, ishtirokchilar va mutaxassislar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilmoqda.