instagram (1)
Размер шрифта:
a
a
a
Ko‘rinish:
ц
ц
ц
Изображения:
Настройки

«Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi xodimlarining odob-axloq qoidalari

I. Umumiy qoidalar

«Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi xodimlarining odob-axloq qoidalari (keyingi o‘rinlarda Odob-axloq qoidalari deb ataladi) egallab turgan lavozimidan qat’iy nazar «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi xodimlarining (keyingi o‘rinlarda davlat xizmatchilari deb ataladi) kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari yig‘indisidan iborat.

  1. Odob-axloq qoidalari huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, davlat xizmatchilarini yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan.
  2. «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasiga (keyingi o‘rinlarda Davlat inspeksiyasi deb ataladi) ishga kirayotgan shaxslar Odob-axloq qoidalari bilan imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladilar.
  3. Davlat xizmatchilari  qonun hujjatlari va Odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishlari shart.

Odob-axloq qoidalariga rioya etish davlat xizmatchisining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi. 

II.Davlat xizmatchilarining xizmatdagi xulq-atvorining asosiy prinsiplari va qoidalari 

  1. Davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishlari kerak:
  • qonuniylik;
  • fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
  • vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoiylik;
  • davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
  • adolatlilik, halollik va xolislik;
  • manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik.
  1. Davlat inspeksiyasi xodimlari quyidagilarga majbur:
  • xizmat vazifalarini bajarishda davlat prinsiplari va talablariga qat’iy rioya etish;
  • o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish;
  • yuqori davlat organlari va mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
  • o‘z faoliyatini qonun hujjatlarida va ichki hujjatlarida belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirish;
  • o‘z xizmat vazifalarini bajarishda biror-bir shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlarga yon bosmaslik va ustunlik bermaslik, ularning ta’siridan mustaqil bo‘lish, fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
  • o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakatlarga barham berish;
  • normativ-huquqiy hujjat va idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z xizmat vazifalarini og‘ishmay bajarish;
  • o‘z xizmat faoliyatiga biror-bir ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga barham berish;
  • O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy hamda boshqa xususiyatlarini hisobga olish, ijtimoiy barqarorlikka, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka ko‘maklashish;
  • o‘zlarining xizmat vazifalarini vijdonan bajarishda shubha paydo qilishi mumkin bo‘lgan xulq-atvordan o‘zini tiyish, shuningdek o‘z obro‘siga yoki davlat organining nufuziga zarar yetkazishga qodir bo‘lgan vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
  • xizmat mavqeidan Davlat organlari, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar faoliyatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanmaslik;
  • davlat organida xabarlarni va xizmat axborotlarini taqdim qilishning belgilangan qoidalariga rioya etish.
  1. Siyosiy, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik, shuningdek shaxsiy vajlar va boshqa sub’ektiv sabablar davlat xizmatchilarining qonun hujjatlari talablarini va Odob-axloq qoidalarini buzishi uchun asos bo‘la olmaydi.
  2. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Davlat inspeksiyasi xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf ko‘rish taqiqlanadi.
  3. Davlat xizmatchilari korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi va ularning profilaktikasiga faol ko‘maklashishi shart.

Davlat  xizmatchilari  o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qilish organlarini ularni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida biror-bir shaxslarning qilgan murojaatlarining barcha holatlari to‘g‘risida, shuningdek boshqa davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan har qanday holatlari haqida xabardor qilishi shart.

Davlat inspeksiyasi boshlig‘i shaxslar qonunchilikning buzilishi faktlari to‘g‘risida murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikr va murojaatdagi tanqidi uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun ishdan bo‘shatilishiga yoki boshqacha shaklda ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi kerak.

  1. Davlat xizmatchilari kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotning saqlanishini va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishlari shart, ularning oshkor etilganligi uchun ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
  2. Davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionalizm, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, Davlat inspeksiyasida yoxud uning tarkibiy hududiy bo‘linmasida ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim, u bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiqib ketadigan topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Davlat inspeksiyasi boshlig‘i kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak. U guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizm ko‘rinishlarining, shuningdek o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning qat’iy ravishda oldini olishi lozim.

Davlat inspeksiyasi boshlig‘i:

  • manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;
  • korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;
  • xodimlarni samarali boshqarishi, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart. Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi, xizmatdagi xulq-atvori prinsiplari va qoidalarini buzayotgan xodimlarning xatti-harakatlariga (harakatsizligiga) yo‘l qo‘yilmasligi choralarini ko‘rmaganligi uchun javob beradi.
  1. Davlat xizmatchilari o‘zlarining xizmatdagi xulq-atvori bilan jamoada boshqa davlat xizmatchilari bilan o‘zaro ishchanlik va amaliy hamkorlik qaror topishiga da’vat etilgan.

Davlat  xizmatchilari  xushmuomala, iltifotli, odobli, e’tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shart. Davlat  xizmatchilari  o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ish sharoitlari va xizmat tadbirlarining shakliga bog‘liq holda davlat xizmatchilarining tashqi ko‘rinishi fuqarolarning davlat organiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga yordam berishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi, ular rasmiyliligi, vazminligi va tartibliligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak.

  1. Davlat xizmatchilari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak. 

III. Manfaatlar to‘qnashuvi 

  1. Davlat xizmatchilari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi Davlat  xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi.

Davlat  xizmatchilarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga oladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda davlat  xizmatchilari   o‘z rahbarini darhol xabardor qilishi kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni olgan rahbar uni tartibga keltirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

  1. Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Davlat  xizmatchilari o‘zlarining o‘z xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga yoki ularga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirmasligi, shuningdek lavozimni egallamasligi kerak.

Davlat  xizmatchilari  har qanday holatlarda ham o‘z xizmat mavqeidan mumkin bo‘lmagan shaxsiy foydani olishi mumkin emas.

Davlat  xizmatchilari  xodimlari o‘z rahbarini manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etishi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.

  1. Davlat xizmatchilari lavozimga tayinlanayotganda va xizmat vazifalarini bajarayotganda o‘zining xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligining mavjudligi yoki mavjud bo‘lishi imkoniyati to‘g‘risida ma’lum qilishi shart. 

IV. Odob-axloq qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik 

  1. Davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.
  2. Davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi attestatsiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
  3. Ushbu Odob-axloq qoidalari normalarining buzilishlari Davlat inspeksiyasining Odob-axloq komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Odob-axloq komissiyasi deb ataladi) tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Odob-axloq komissiyasi,   Davlat inspeksiyasi   xodimlaridan kamida 5 kishidan iborat tarkibda tuziladi. Odob-axloq komissiyasining maqsadi, vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va uning faoliyatini tashkil etishning boshqa masalalari Davlat inspeksiyasi boshlig‘i  tomonidan tasdiqlangan Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomda belgilanadi.

Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqacha tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining ko‘rib chiqishiga qoidalar buzilishini sodir etgan davlat inspeksiyasi xodimini  javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda, Odob-axloq komissiyasi davlat  xizmatchisiga nisbatan Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

Davlat  xizmatchilari  o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek Davlat inspeksiyasining qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Qoida
251.51 kB